O’zbek Tashabbusi Guruhi Kredosi

1 may, 2009 yil
New-York shahri

O’zbek Tashabbusi Guruhi – xolis niyatdagi yosh professionallar global tarmog’i bo’lib, asosiy maqsadi – o’zbek madaniyati va jamiyatini dunyoga targ’ib qilish, o’zbek jamoalari va xalqaro madaniy almashinuvni rivojlantirish.

Kredo – O’zbek Tashabbusi tamoyillari bo’lib, tashkilotga a’zo bo’lmoqchi bo’lgan har bir kishi ularga rioya qilishi lozim:

  1. Xolis niyat
  2. Tashabbuskorlik  va ko’ngillilik
  3. O’zbekiston xalqlarining jahon bo’ylab birdamligi
  4. O’zbek jamiyati va madaniyatini kuchaytirish va xalqaro madaniy almashinuvni yo’lga solish

Biz insonning irqi, rangi, dini, millati, yoshi, ijtimoiy ahvoli, jinsi va turar-joyidan qa’tiy nazar har bir mamlakat madaniyati va qadriyatlarini hurmat qilamiz.

Ishonamizki, har bir kishida tashabbus bor. Shu bois barchani joylarda tadbirlar va loyihalarni amalga oshirishga, o’zbek jamiyati va madaniyati elchilari bo’lishga chaqiramiz. Har bir ishga ijobiy, mas’uliyatli va professional ravishda yondashamiz.

O’zbekistonni Buyuk Ipak Yo’li markazidagi, Sharqni G’arbga bog’lovchi rang-barang madaniyatga ega, 100 dan ortiq millat va elat hamda jahon dinlari vakillariga vatan bo’lgan maskan sifatida tan olamiz. O’zbek jamiyati va madaniyati asosini tashkil etuvchi mehmondo’stlik, o’zaro hurmat, holis hizmat kabi sifatlarni o’z qadriyatimiz deb bilamiz.

Hashar hamisha o’zbek madaniyatining ajralmas qismi bo’lib kelgan va biz shu orqali dunyodagi jamoalarimizga yordam berishga harakat qilamiz. Ta’lim, Ilm, shaxsiy va professional rivojlanish, xayriya tadbirlari, san’at va musiqa, tadbirkorlik va taraqqiyot sohalaridagi loyihalar bilan shug’ullanamiz.

Aka-uka, opa-singil, ustoz-shogird rishtalari madaniyatimizda juda chuqur tomir otgan. Jahon bo’ylab o’zbek jamoalarini qo’llab-quvvatlashda ana shu ruhdagi “ustozlik” dasturidan foydalanamiz.